Jamiyat
O‘zbekistonda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi
Migratsiya sohasidagi uyushgan jinoiy guruh Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari odamlardan 7-12 ming dollardan qariyb 90 mln dollar yig‘gani aniqlandi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Bosh prokuratura huzuridagi Departament Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etdi.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqa shaxslar jinoiy guruh tuzib, Koreyaga mehnat migranti sifatida yuborishni va’da qilib, kamida 35 nafar odamdan 263,5 ming dollar olgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovda ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh tomonidan Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolardan 7-12 ming dollardan qariyb 90 mln dollar yig‘ilgan.
Hozirda, Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari ko‘rilmoqda.
Rasmiy xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalari 230 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishlari evaziga 580 ming AQSh dollari, Koreyaga yuborilgan 1 000 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda 5,6 mln AQSh dollari, jami 45 mln AQSh dollarini olganliklari ma’lum bo‘lgan.
Departament ushbu sxema ortidan jabr ko‘rgan fuqarolarni maxsus ishonch telefoni orqali murojaat qilishga chaqirdi: 71-233-10-07.