Iqtisodiyot

O‘zbekistonda kimyo mahsulotlarining eksporti 3 karra oshdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda so‘nggi yillarda tarmoqda erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishi natijasida sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shu jarayonda kimyo sanoati ham muhim o‘rin tutmoqda.

So‘nggi 9–10 yil davomida tarmoqqa 8 milliard 300 million dollar investitsiya jalb qilindi va 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Natijada PVX, «yashil» vodorod, ko‘pikli polipropilen, BOPP plyonka kabi 60 dan ortiq yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, amalga oshirilgan islohotlar hisobiga kimyo mahsulotlari eksporti uch karra oshgan. Shuningdek, sohada band bo‘lgan xodimlar soni 50 ming nafardan oshgan.

Yangi quvvatlar iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun muhim xomashyo bazasini shakllantirib, minglab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini bergan.

Biroq tarmoqda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda respublika sanoati o‘rtacha 6,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, kimyo sanoatida bu ko‘rsatkich 3 foizga ham yetmagan. Shu bilan birga, kimyo mahsulotlari importi yillik 4,5 milliard dollarga yetgan.

Yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqarish ichki talabning hatto 60 foizini ham qoplamayotgani ta’kidlandi. Mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani va bir ishchi hissasiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat rivojlangan davlatlarga nisbatan 2–3 barobar kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan ishlayotgani, sohadagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli muloqot va hamkorlik yetarli darajada emasligi tanqid qilindi.

Davlat rahbari kimyo sanoatidagi mavjud muammolarni bevosita muhokama qilish maqsadida soha korxonalari vakillari bilan shaxsan uchrashishga qaror qilganini bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version