Jamiyat
O‘zbekistonda Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi.
Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari 10 ta muhim tashabbusni qamrab olgan deklaratsiyani bir ovozdan qabul qildi. 40 dan ortiq davlatning 300 ga yaqin xorijiy ishtirokchilari deklaratsiyaga muvofiq Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi.
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Qayd etilishicha, alyansning asosiy maqsadi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi sifatidagi bunyodkorlik salohiyatini asrash, ilmiy o‘rganish, ommalashtirish va keng namoyon etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.