Iqtisodiyot
O‘zbekistonda IT xizmatlari hajmi keskin oshdi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 30,9 trln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Natija mamlakatda raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari tarkibida kompyuter dasturlashtirish xizmatlari 46,2 foiz ulush bilan birinchi o‘rinni egallagan.
Telekommunikatsiya xizmatlari 29,9 foiz bilan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu mobil aloqa, internet va boshqa kommunikatsiya xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Axborot sohasidagi xizmatlar ulushi 15 foizni tashkil etgan. Nashriyot xizmatlari 6,6 foiz, boshqa xizmatlar esa 2,3 foiz hissaga ega bo‘lgan.