Iqtisodiyot
O‘zbekistonda ikki yilda 34 ta yirik turizm obyekti va 200 ta mehmonxona quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yaqinda mamlakat hududlarida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ikki yillik yirik dastur qabul qilingani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 34 ta yirik turizm obyekti va 1 mingdan ortiq joylashtirish vositalari barpo etiladi. Jumladan, 200 ta yangi mehmonxona qurish rejalashtirilgan.
Misol sifatida Parkent tumanida yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan «Kumushkon resort» turizm majmuasi keltirildi. Qayd etilishicha, ushbu obyekt qurilishida 98 foiz mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan.
Prezident hudud rahbarlari oldiga barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 119 ming tonnadan 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlari 1,5 million donadan 2 million donaga yetkaziladi. Shuningdek, PVX quvur va fitinglar ishlab chiqarish 255 ming tonnadan 300 ming tonnagacha oshiriladi.
Bundan tashqari, gulqog‘oz ishlab chiqarish hajmini 6 milliondan 7,5 millionga, dekorativ panellar ishlab chiqarishni esa 15 million kvadrat metrdan 18 million kvadrat metrga yetkazish vazifasi belgilandi.