Jamiyat
O‘zbekistonda har 1000 nafar ayolga nechta erkak to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida mamlakatda har 1 ming nafar ayolga o‘rtacha 1 ming 15 nafar erkak to‘g‘ri kelgan.
Qayd etilishicha, gender nisbati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatida kuzatilgan. U yerda har 1 ming nafar ayol hisobiga 1 ming 34 nafar erkak to‘g‘ri kelmoqda.
Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo viloyati — 1 ming 29 nafar va Andijon viloyati — 1 ming 27 nafar ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Statistikaga ko‘ra, Navoiy viloyatida har 1 ming ayolga 1 ming 26 nafar, Surxondaryo viloyatida 1 ming 25 nafar erkak to‘g‘ri keladi.
Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich 1 ming 19 nafardan bo‘lgan. Samarqand viloyatida esa har 1 ming nafar ayol hisobiga 1 ming 16 nafar erkak qayd etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 10 nafar, Sirdaryo viloyatida 1 ming 9 nafar, Toshkent viloyatida esa 1 ming 8 nafar erkak to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan.
Hisobotda eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda har 1 ming nafar ayol hisobiga 966 nafar erkak to‘g‘ri kelmoqda.