Jamiyat
O‘zbekistonda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova «Gazeta»ga ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Hozirda qonun loyihasini ishlab chiqish va uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
«Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman», — deydi vazir.
E’zozxon Karimova bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligini, asosiy e’tibor uni to‘g‘ri va me’yoriy tarzda ishlatish madaniyatini shakllantirishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi.
«Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz», — degan E’zozxon Karimova.