Sport
O‘zbekistonda futbolchilar daromad solig‘idan ozod etildi
2026 yil 1 apreldan boshlab Superliga va Pro-ligada to‘p suradigan futbolchilar 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod bo‘ladi. Klublar esa ular uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi. Davlat Superliga klublariga bu yil 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan pul berishini e’lon qildi. Davlat davlat idorasi, ham sport federatsiyasini boshqarayotgan amaldorlar birinchi ish joyiga tegishli mablag‘lardan federatsiyaga ham berish huquqini oldi.
O‘zbekiston prezidenti 24 mart kuni sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlari yuzasidan qaror imzoladi.
Qarorga asosan, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma davlat budjeti va boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning sport sohasi uchun ajratadigan homiylik mablag‘lari ham shu Jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Qaysi korxona qancha homiylik qilishini Respublikasi komissiyasi belgilaydi (Administratsiya bilan kelishgan holda).
2026 yilda Jamg‘armaga davlat budjetidan 700 mlrd so‘m ajratiladi. Shu mablag‘ hisobidan, Superligadagi har bir futbol klubiga joriy yilda 35 mlrd so‘mdan (16 ta klubga jami 560 mlrd so‘m) beriladi.
2027 yilda Superliga klublariga 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan beriladi.
2026 yil 1 apreldan 2029 yil 1 aprelga qadar Superliga va Pro-ligada ishtirok etuvchi futbol klublarining futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi va ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz bo‘ladi. Bu imtiyoz muayyan tartibda boshqa sport turlari bo‘yicha murabbiylarga, shu jumladan xorijlik trenerlarga ham taalluqli bo‘ladi.
Sport federatsiyalariga rahbar sifatida saylangan davlat tashkilotlari rahbarlariga huquq berildi: endi ular o‘zi boshqarayotgan davlat tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan o‘zi boshqarayotgan sport uyushmasiga pul berishi mumkin. Bunda Respublika komissiyasi bilan kelishish talab etiladi. Bunday huquq – sport uyushmalariga rahbar sifatida saylangan davlat ishtirokidagi korxonalarning raislariga ham tegishli.
Federatsiyalar rahbarlari – sohaga tadbirkorlarni jalb etishga shaxsan mas’ul deb belgilandi.