Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.