Iqtisodiyot
O‘zbekistonda brend qahva uchun bojxona bojlari bekor qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga import qilinadigan brend mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyozli bojxona bojlari ro‘yxatini kengaytirishga doir qarorni imzoladi.
Yangi o‘zgartishlar quyidagi yo‘nalishlarga xizmat qiladi:
xalqaro kompaniyalar bilan ishlab chiqarish va savdo kooperatsiyasini kuchaytirish;
O‘zbekistonga yirik jahon brendlarini jalb etish;
chakana savdo bozorini rivojlantirish;
mamlakatda shoping-turizm (xarid uchun sayohat) hajmini oshirish.
Pastaytirilgan bojxona bojlari tovar faqat brend egasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida yoki uning rasmiy distribyutori, dileri, savdo vakili yoki litsenziati orqali olib kirilganida amal qiladi.
Bu talab kontrafakt mahsulotlarni cheklash va bozorda sifatni ta’minlashga qaratilgan.
Imtiyozli boj stavkalari quyidagi tovarlarga tatbiq etildi:
Qahva va qahva qo‘shilgan mahsulotlar — 0 foiz
Maishiy shamlar — 10 foiz
Plastik, yog‘och, metall idish-tovoq va oshxona buyumlari — 10 foiz
Savatlar va o‘rama buyumlar — 10 foiz
Qo‘lda to‘qilgan va boshqa gilamlar — 10 foiz
Yopinchiqlar va sayohat ko‘rpalari — 5 foiz
Choyshab, oshxona va stol choyshablari — 10 foiz
Pardalar — 5 foiz
Farfor, keramika va shisha idishlar — 10 foiz
Qoshiq, vilka, pichoq va oshxona asboblari — 10 foiz
Qayd etilishicha, ushbu qaror mahalliy bozorda sifatli brend mahsulotlari narxini pasaytiradi. Shuningdek, noqonuniy import va «soya bozori» ulushini kamaytiradi, savdo markazlari va turistik hududlarda jahon brendlari soni ortishiga olib keladi hamda xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki beradi.