Iqtisodiyot
O‘zbekistonda benzin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Sabab nima?
O‘tgan oy birja savdolarida AI-92 markali benzin bahosi 11,2 foizga qimmatlashdi. Narxlarning keskin oshishi Rossiyadagi yonilg‘i taqchilligi bilan bir paytda yuz beryapti. O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsada, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Xususan, joriy yilning dastlabki 5 oyida ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilgan bo‘lishi mumkin.
29 iyul kuni O‘zbekistondagi birja savdolarida 1 tonna AI-92 markali benzin bahosi 13 mln 919 mln so‘mgacha ko‘tarildi. Bu – rekord ko‘rsatkich sanaladi. 30 iyun kuni narx qisman arzonlashgan bo‘lsada, (1 tonna mahsulot uchun — 13 mln 844 ming so‘m) hali ham yuqoriligicha qolyapti.
Narxlar iyun oyining boshiga nisbatan 11,2 foizga oshgan. Xususan, 1 iyun kungi savdolarda 1 tonna AI-92’ning o‘rtacha narxi 12 mln 446 ming so‘mni tashkil etgan.
1 iyundan 5 iyungacha bo‘lgan davrda birjadagi taklifi hajmi eng kamida 3 ming tonnani tashkil qilgan. Masalan, 4 iyun kuni 4088 tonna mahsulot sotuvga qo‘yilgan. 16 iyun kungi savdolarda esa taklif hajmi 7705 tonnagacha yetgan.
Oyning ikkinchi yarmidan boshlab esa birjaga chiqarilgan benzin miqdori kamaya boshlagan. Xususan, 17 iyunda bu ko‘rsatkich 1650 tonnagacha qisqaradi. Aynan 17 iyundan 29 iyungacha bo‘lgan davrda taklif hajmi 2400 tonnaga ham yetmagan. Narxlarning keskin oshishi 4-8 iyun oralig‘ida yuz bergan. Bu davrda 1 tonna AI-92 12 mln 473 ming so‘mdan 13 mln 788 ming so‘mgacha yoki 10,5 foizga qimmatlashgan.
Benzin importiga qaramlik
O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsada, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-may oylarida 373 mln dollarlik 642 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 84 foizga, qiymat jihatdan esa 85 foizga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 5 oyida O‘zbekistonda 502,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu tahminan 670 mlndan 678 mln litrgacha bo‘lgan ko‘rsatkich.
O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.
Rossiyada taqchillik
Rossiyada bir oydan buyon yonilg‘i taqchilligi kuzatilyapti. Ukraina armiyasining neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab to‘xtovsiz zarbalari neftni qayta ishlash hajmini keskin darajada qisqartirib yubordi. Ko‘plab yonilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazilishi to‘xtab qoldi, hududlardagi rasmiylar esa uni sotishga cheklovlar o‘rnatdi, shu bilan bir vaqtda, iste’molchilar talabni haddan tashqari oshirib yuborishda ayblanyapti. Inqirozning real ko‘lamini baholash qiyin, chunki Rossiya hukumati ko‘plab ma’lumotlarni ochiqlamayapti.
O‘zbekistondagi narxlarning oshishi ham Rossiyadagi yonilg‘i taqchilligi bilan bir paytda yuz beryapti. Chunki, mamlakatga import qilinadigan benzinning asosiy qismi Rossiyadan olib kelinadi.
Chakana narxlar o‘zgarishi
Birjadagi qimmatlashish shahobchalardagi chakana narxlarning oshishiga ham sabab bo‘lyapti. Xususan, iyun oyi boshidan beri poytaxtdagi AYoQShlarda import AI-92 narxi sezilarli darajada ko‘tarilgan.