Jamiyat
O‘zbekistonda ayollarga nisbatan erkaklar soni ko‘proq
2026 yil boshi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda har 1 000 nafar ayolga o‘rtacha 1 015 nafar erkak to‘g‘ri kelmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatida qayd etilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatida mamlakat bo‘yicha har 1 000 nafar ayolga 1 015 nafar erkak to‘g‘ri kelgan.
Hududlar kesimida bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatida kuzatilib, u yerda har 1 000 nafar ayolga 1 034 nafar erkak to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlar Qashqadaryo viloyatida — 1 029 nafar, Andijon viloyatida — 1 027 nafar, Navoiy viloyatida — 1 026 nafar va Surxondaryo viloyatida — 1 025 nafarni tashkil etgan.
Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich 1 019 nafardan, Samarqand viloyatida 1 016 nafardan iborat bo‘lgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida har 1 000 nafar ayolga 1 010 nafar erkak, Sirdaryo viloyatida 1 009 nafar, Toshkent viloyatida 1 008 nafar, Buxoro viloyatida 1 006 nafar va Xorazm viloyatida 1 004 nafar erkak to‘g‘ri kelgan.
Toshkent shahri esa ro‘yxatda eng past ko‘rsatkich qayd etilgan hudud bo‘lib, poytaxtda har 1 000 nafar ayolga 966 nafar erkak to‘g‘ri kelishi ma’lum qilingan.