Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 4 oyda dollarga bo‘lgan talab 20 milliarddan oshdi
Markaziy bankning 2026-yil yanvar–aprel oylari bo‘yicha sharhiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan umumiy talabi 20,4 mlrd dollarni tashkil qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,3 foizga oshgan. Xususan, yuridik shaxslar tomonidan qariyb 16 mlrd dollar, aholi tomonidan esa 4,4 mlrd dollarlik valyuta sotib olingan.
Shu bilan birga, bozorda valyuta taklifi ham o‘sishda davom etdi. Hisobot davrida umumiy taklif 18 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 33,9 foizga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi tijorat banklariga 8,2 mlrd dollar sotgan bo‘lsa, yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi 9,8 mlrd dollarga yetgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida dollar kursi 11 ming 938 so‘mdan 12 ming 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda tebrangan.
Davr yakunida milliy valyuta 0,6 foizga mustahkamlangan. Ya’ni dollar kursi 12 ming 4 so‘mdan 11 ming 938 so‘mgacha pasaygan.
Taqdim etilgan infografikada ham yil boshida kurs nisbatan barqaror bo‘lgani, keyingi oylarda esa keskin tebranishlar kuzatilgani aks etgan. Xususan, 2025-yilning yanvar–aprel oylarida o‘rtacha kunlik tebranuvchanlik 13,6 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 28,5 so‘mgacha oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, valyuta bozorida talab va taklif bir vaqtning o‘zida o‘smoqda. Bu esa tashqi savdo operatsiyalari, import hajmi va aholi valyuta operatsiyalari faollashganini ko‘rsatadi.
Markaziy bank taqdim etgan grafikda yil davomida kurs harakatidagi o‘zgarishlar, ayniqsa yoz oylaridagi keskin pasayish va keyingi tiklanish jarayonlarini ko‘rish mumkin.