Siyosat
O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-2030-yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur hujjat “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni hayotga tatbiq etish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga mutlaqo murosasiz muhitni shakllantirish, bolalar huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan.
Strategiyada 2026-yil 1-fevraldan boshlab bolalarni ijtimoiy himoya qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular orasida zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostida bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan homiylik xizmatini tashkil etish, mamlakatimizning har bir hududida kichik ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarini bosqichma-bosqich ochish kiradi.
Maxsus ijtimoiy-psixologik dasturlar orqali bolalarni reabilitatsiya qilish, oilaviy munosabatlarni tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hujjatda jinoyat protsessida bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, 2026-yil sentabridan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan yoki guvohi bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Ikkilamchi jarohatlarning oldini olish maqsadida vasiylik va homiylik organlarining protsessdagi ishtiroki va ko‘rsatuvlarni majburiy videoyozuvga olish joriy etiladi. Shuningdek, zo’ravonlik holatlari haqida xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi ko’zda tutilgan.
Ushbu strategiyaning yana bir asosiy yo‘nalishi raqamli texnologiyalarni joriy etish va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini qayd etish bo‘yicha yagona elektron platforma yaratiladi, huquqni muhofaza qilish, sud va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish organlari mutaxassislari uchun o‘quv dasturlari tashkil etiladi.