Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq tadbirkor barqarorlik reytingiga kirdi
O‘zbekistonda 2026-yil 24-aprel holatida 2,1 ming nafar tadbirkorga yuqori barqarorlik reytingi berilgan. Ulardan 335 ta sub’yekt eng yuqori AAA darajasini olgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, barqarorlikni baholash tizimi joriy etilganidan beri yuqori reytingga ega tadbirkorlar soni 1,3 barobarga oshgan. Bu biznes muhitida muayyan ijobiy siljishlar kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, umumiy manzarada farqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, 64,4 ming tadbirkor o‘rta barqarorlik toifasiga kiritilgan bo‘lsa, 226,2 mingta sub’yekt qoniqarli darajada baholangan. 294,7 mingta tadbirkor esa past reytingga ega deb topilgan.
Yuqori reytingga ega tadbirkorlarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda 690 ta korxona yuqori barqarorlik ko‘rsatkichiga erishgan.
Undan keyin xizmat ko‘rsatish sohasi 654 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Sanoat sohasida 506 ta tadbirkor yuqori reyting olgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida esa bu ko‘rsatkich ancha past. Mos ravishda 106 ta va 59 ta korxona yuqori barqarorlik toifasiga kiritilgan. Bu sohalarda tizimli muammolar saqlanayotganini anglatadi.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 709 ta tadbirkor yuqori reytingga ega. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 258 tani tashkil etgan. Samarqand viloyatida 180 ta, Farg‘ona viloyatida esa 152 ta tadbirkor yuqori barqarorlik darajasini qo‘lga kiritgan.