Siyosat
O‘zbekiston xalqaro Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilmoqda
Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shilishi haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimga qo‘shiladi.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur bankning asosiy maqsadi ishtirokchi davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Qayd etilishicha, a’zolik mamlakat uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilma va barqaror rivojlanishga qaratilgan yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bank davlat va xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kredit ajratish, kafolat berish va investitsiya kiritish kabi moliyaviy instrumentlardan foydalanadi.
Senatorlar fikricha, Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, bu iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yirik infratuzilma dasturlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha resurslar jalb etish imkonini yaratadi.
Senatorlar fikricha, xalqaro investitsiya institutlari bilan integratsiyani kuchaytirish mamlakat iqtisodiy barqarorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, Yangi taraqqiyot banki 2014-yilda yirik rivojlanayotgan davlatlar tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. Uning asosiy faoliyati infratuzilma, energetika, transport va barqaror rivojlanish yo‘nalishlaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.