Iqtisodiyot
O‘zbekiston xalqaro turizm hamkorligini kengaytirmoqda
Berlin shahrida (Germaniya) “ITB Berlin” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan UN Tourism turizm vazirlari sammitida ishtirok etgan Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz turizm salohiyatini xalqaro maydonlarda keng targ‘ib qilish va turistik oqimni oshirish masalalarini muhokama qilish maqsadida xalqaro tashkilotlar va biznes vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ozarbayjon Respublikasi Davlat turizm agentligi raisi o‘rinbosari Azada Guseynova bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish, yangilangan O‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga tayyorgarlik hamda qo‘shma marketing tashabbuslarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar o‘zaro FAM-turlar va blogerlar tashriflarini tashkil etish, tur operatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma turistik marshrutlarni shakllantirish imkoniyatlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Trip.com Group kompaniyasining global destinatsiyalar marketingi bo‘yicha vitse-prezidenti Edison Chen bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini kompaniyaning raqamli platformalari orqali keng targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar qo‘shma marketing kampaniyalarini amalga oshirish, shuningdek mamlakat uchun maxsus onlayn sahifa yaratish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga qaratilgan qo‘shma marketing tashabbusini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
ICCA (International Congress and Convention Association) bosh direktori Sentxil Gopinat bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekistonda MICE-turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, “Convention Bureau” modelini joriy etish, xalqaro assotsiatsiyalar tadbirlarini jalb qilish hamda ICCA’ning tahliliy instrumentlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xiva shahridagi “Arda Khiva” majmuasini yangi MICE-destinatsiya sifatida ilgari surish hamda yirik xalqaro kongresslarni jalb etish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, “SHL (Schweizerische Hotelfachschule Luzern)” Shveysariya mehmonxona boshqaruvi maktabi Strategik hamkorlik va xalqaro biznes bo‘yicha direktori Martin Bart bilan uchrashuvda mehmondo‘stlik sanoati uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, amaliy ta’lim dasturlarini joriy etish hamda Samarqand shahridagi “UN Tourism Academy” bilan akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlik formatlarini aniqlashtirish bo‘yicha ishchi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi faolligini yanada oshirish, mamlakatni jozibador va raqobatbardosh destinatsiya sifatida ilgari surishga xizmat qiladi.