Siyosat
O‘zbekiston va Xitoy hamkorligidagi yangi texnologik loyihalar muhokama qilindi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Xitoyning yetakchi energetika, sanoat va moliya tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralar markazida energetika va geologiya sohalarida yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari turdi. Davlat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida jadal rivojlanayotganini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan qismida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshgan. Shuningdek, Xitoydan mamlakat iqtisodiyotiga 8 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan. Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 6 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda «yashil» energetika sohasidagi hamkorlik alohida muhokama qilindi. Hozirda Xitoy kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlari barpo etilmoqda.
Tomonlar fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaika texnologiyalarini joriy etish va yangi elektr uzatish liniyalarini qurishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, data-markazlar tashkil etish va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda tog‘-kon va geologiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda konlarda qo‘shma geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, ularni o‘zlashtirish va muhim xomashyo resurslarini yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Xitoyning yirik banklari bilan hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Tomonlar infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikdagi avtomobil yo‘llari va gidroelektrostansiyalar qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Xitoy delegatsiyasi vakillari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qat’iy intilishini bildirdi.