Sport
O‘zbekiston va Ronaldu boshlamoqda – JCh kundaligi
JChdagi birinchi tur o‘yinlari tugay deb qoldi. Oldingi kundaligimizdan keyin yana to‘rtta guruhda o‘yinlar o‘tkazildi. Ispaniya debyutant jamoani yenga olmadi, Eronni o‘yin tugashi bilan quvishdi, Osiyo jamoalarining mag‘lubiyatsiz seriyasi buzildi. Mbappe, Holland va Messi mundialni juda zo‘r boshladi.
Ispaniya oqsadi
Musobaqaning asosiy favoriti deb qaralayotgan Ispaniya musobaqani Afrika vakili bo‘lgan debyutant Kabo-Verde bilan durang o‘ynab boshladi. Butun o‘yin hujum qilgan ispanlar bororta gol ura olmadi. Musobaqadan oldin ispanlarning kuchsiz tomoni deb qaralgan hujum chizig‘i chindan pand berdi.
Hujumda kimlar o‘ynaganini qarang: Mikel Oyarsabal, Ferran Torres, Gavi. Bu futbolchilarni kamsitish adolatdan bo‘lmaydi, lekin Ferran «Barsa»da vaziyatlar kushandasi ekani, Gavi hujumchi emasligi, Oyarsabal o‘rtamiyona hujumchilar sirasiga kirishini hamma biladi. Mikel Yevro finalida Ispaniyaga sovrin olib kelgan g‘alaba golini urgan, Ferranning ham o‘yini chiqib qolsa, ko‘p gol uradi, lekin aynan Kabo-Verde bilan o‘yinda Ispaniya hujum chizig‘i o‘zini ko‘rsata olmadi.
Ispaniya uchun hujumchisiz o‘ynash yangilik emas. Masalan, Yevro-2012 finalida ispanlarda hujumchi sifatida Fabregas, David Silva hamda Iniyesta o‘ynagan. Ya’ni, «Qizil furiya» hujumchisiz o‘ynab ham, bemalol to‘rtta gol urib, chempion bo‘lgan. O‘zi Ispaniyada Torres va Vilyadan keyin yorqin hujumchi chiqmay ham qo‘ydi-da. Yarimhimoya doim kuchli bo‘lgani uchun bu kamchilik bilinmay kelgan.
Ispaniyadek kuchli jamoaga birgina o‘yin bilan baho berish adolatdan emas. Ular 2010 yil ham JChni mag‘lubiyat bilan boshlagan. Yamal yaxshiroq formaga kirsa, Ferran to‘purar bo‘lib ketsa ham, ajablanmang.
Guruhdagi ikkinchi to‘qnashvda Saudiya Arabistoni Urugvay bilan o‘yinda g‘alabani saqlab qola olmadi, lekin osiyoliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. Shu kuni «G» guruhidagi ikki o‘yinda ham durang natija qayd etildi. Belgiya va Misr, to‘g‘risi, o‘rtacha o‘yin ko‘rsatdi. Belgiya oltin avlodining qolgan a’zolari oldingi kabi yorqin o‘yin ko‘rsata olmadi, Misrda ham asosiy yulduz Saloh o‘z darajasida emas. O‘yinni ko‘rgach, bu jamoalar musobaqada uzoqqa borishiga shaxsan men ishonmadim.
Qaytanga guruhning ikkinchi o‘yini qiziq kechdi. Katta qiyinchilik bilan Amerikaga yetib borgan Eron Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynadi. Zelandiyadan Jast degan yigit ikkita gol urdi. Har ikki golda APL yulduzi Kris Vud assistent bo‘ldi. Eronda o‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish «Istiqlol» himoyachisi Ramin Rizoyan qahramon bo‘ldi. U avval o‘zi gol urdi, keyin Mohibining chiroyli goliga pas berdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Bu o‘yinda Eronning g‘alabasini kutgandim, chunki forslar Yangi Zelandiyadan ancha baland darajada. Lekin urush sabab futbolchilar o‘yin amaliyotisiz qolgani, murakkab tayyorgarlik jarayoni, Amerikadagi bosimlar, ruhiy muammo sabab eronliklar o‘z uslublarida agressiv o‘yin ko‘rsata olishmadi. Shuningdek, Eronda ham biz kabi chempionatdan keyin avlodlar almashinuvi boshlanib ketsa kerak. O‘yin tempi avvalgidek emasligiga futbolchilar yosh emasligi ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘yin tugashi bilan tashkilotchilar eronlik futbolchilardan Amerikadan chiqib ketishni talab qilgan. Murabbiyning aytishicha, futbolchilarga hech bo‘lmasa mehmonxonada uxlab olishga ham imkon berishmagan. O‘yin tugashi bilan darhol samolyotga chiqib ketish futbolchilar tiklanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilish uchun fizioterapevt bo‘lish shart emas. Maydonda terlab-pishib yugurgan odam uchun eng kerak narsa yuvinib, ovqatlanish va yaxshigina uxlash. Busiz inson tanasi uch kunda tiklanishi juda qiyin. Qit’adoshlarimiz Amerikadagi mundialni ana shunday bosimlar bilan o‘tkazishga majbur.
Mbappe va Holandda dubl, Messi esa…
Kecha tunda va bugun tongda o‘tkazilgan o‘yinlar juda yorqin o‘tdi, birorta durang bo‘lmadi, Osiyo jamolarining mag‘lubiyatsiz seriyasi buzildi. Fransiya Senegalni ishonchli tarzda yengdi – 3:1. Bu o‘yin, afsuski, 2002 yildagi afsonaviy uchrashuv kabi esda qolarli bo‘lmadi. Faranglar birinchi bo‘limda qiynaldi, lekin Desham tanaffusdan keyin shogirdlariga ular oxirgi ikki mundial finalchisi ekanini eslatib qo‘ygan ko‘rinadi. Avvaliga haddan tashqari ko‘p yulduzlar sabab jamoada tushunmovchilik bordek ko‘ringandi, lekin doim yulduzli tarkibga ega bo‘lgan Fransiya o‘yinni iziga tushirib oldi.
Senegalning himoyasini 66-daqiqada Olise zargarona uzatmasi bilan yorib o‘tdi. Uning himoyachilar orasidan turib bergan uzatmasini Kilian Mbappe birtepar usulida olis burchakka joylab qo‘ydi. Keyinroq Rabioning Olisecha uzatmasini Barkolya golga aylantirdi. Bu vaziyatlardan oldin Mane jarima maydonchasi ichida Mbappeni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolgandi. Lekin o‘zbekistonliklar yaxshi taniydigan Alirizo Fig‘oniy negadir yaqqol fol bo‘lgan holat uchun penalti bermadi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada Senegal bitta gol urib, intrigani kuchaytirdi, lekin oxirgi soniyalarda Mbappe o‘z uslubida juda kuchli zarbasi bilan o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 3:1. Killianning bu goli uning kumiri Ronalduning YeChLda «Portu»ga urgan golini yodga soldi.
O‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb Mayl Olise topildi, lekin bu o‘yinda Mbappe hamon dunyoning eng kuchli futbolchisi ekanini isbotladi. To‘g‘risi, dunyo futbolida hozir unga teng keladigan futbolchi bor deb o‘ylamayman. Bunaqa texnika, bunaqa tezlik, bunaqa zarba, bunday joy tanlash… Biroz injiqligini hisobga olmasa, Mbappeda hech qanday kamchilik, nuqson yo‘q. Haqiqiy jahon darajasidagi daho futbolchi.
Kunning ikki o‘yinida Osiyo jamoalari mag‘lub bo‘ldi. Shu kungacha qit’adoshlarimiz mag‘lubiyatsiz kelayotgandi. Iroq Norvegiya bilan kurashib ko‘rdi, biroq Holand o‘z darajasini isbotlab ikkita gol urdi va bitta assist berib, o‘yin taqdirini hal qildi. Bunaqa gol mashinasi bor jamoa oxirida chempion bo‘lib ketsa ham, ajablanmang. Kunning oxirgi o‘yinida Marko Arnautovich boshchilik Avstriya Iordaniyani yengib, pley-off tomon katta qadam tashladi.
Kunning eng jo‘shqin o‘yini haqida esa boya gaplashgandik. Argentina Messining benifisiga aylangan o‘yinda Jazoirga imkon qoldirmadi. Bu o‘yinda hamma Messining gollariga e’tibor qaratmoqda, vaholanki, Argentinaning boshqa chiziqlari ham raqibga imkon qoldirmadi. Ko‘pchilik favorit sifatida Yevropa jamoalarini tilga olyapti, lekin amaldagi chempion Argentina g‘oliblikni himoya qilsa ham, ajablanmang.
O‘zbekiston boshlamoqda
Bugungi «match day» biz uchun hayajonli bo‘ladi. Guruh bosqichining birinchi turi aynan bizning Kolumbiyaga qarshi o‘yinimiz bilan yakunlanadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 07:00 da boshlanadi va ertaga O‘zbekistondagi barcha tashkilotlarda ish vaqti soat 10:00 dan deb belgilandi. Davlat odamlar futbolni bemalol ko‘rib olsin deb shunday sharoit yaratib berdi.
Kunning markaziy o‘yini Angliya va Xorvatiya o‘rtasida kechadi. Lekin bu o‘yinni ko‘rishni, to‘g‘risi, tavsiya qilmayman, yaxshisi O‘zbekistonning o‘yinigacha uxlab oling. Men esa do‘stim Harri Keyn uchun bahsni albatta tomosha qilaman.
Bugun 22:00 da musobaqa favoritlaridan yana biri, guruhdoshimiz Portugaliya Kongoga qarshi o‘ynaydi. Boya aytganimizdek, Kongo posboniga oson bo‘lmaydi. Biz uchun bu o‘yinda nima bo‘lishi esa ikkinchi darajali. Eng asosiysi tarixiy o‘yinda O‘zbekiston milliy jamoasiga kuch-quvvat tilaymiz. Eldor boshchilik yigitlarimiz butun millatimiz uchun maydonda munosib kurashishlariga ishonaman. Olg‘a, yigitlar, butun millat siz bilan. Natija qanday bo‘lishidan qati nazar siz biz uchun eng yaxshisiz. JChga chiqish, unda birinchi o‘yin hayajonini his qilishning o‘zi takrorlanmas katta natija. Futbolchilarimizni duo qiling, ilohim yuzlari yorug‘ bo‘lsin.