Siyosat
O‘zbekiston va Italiya qishloq xo‘jaligida mavsumiy bandlik bo‘yicha kelishuvga erishdi
O‘zbekiston va Italiya o‘zbekistonlik fuqarolarning Italiya qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy bandligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yangi tartibga ko‘ra, o‘zbekistonlik ishchilar 3 oydan to‘qqiz oygacha bo‘lgan mavsumiy shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘ladi.
Foto: Migratsiya agentligi
Migratsiya agentligi maʼlumotlariga koʻra, Italiyaning meva-sabzavot assotsiatsiyasi Associazione Imprese Ortofrutticole bilan rasmiy hamkorlik shartnomasi imzolangan. Oliy darajadagi muzokaralar Toshkentda boʻlib oʻtdi va unda Immigratsiya xizmati rahbari Behzod Musayev va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdulahmonovdan iborat delegatsiya ishtirok etdi. Italiya tomonidan qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrigida va Konfagrikoltura vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirok etdi.
Associazione Imprese Ortofrutticole meva-sabzavot sektorida ishtirok etadigan 35 dan ortiq kompaniyalarni ifodalovchi yetakchi sanoat assotsiatsiyasidir. Bu kompaniyalar birlamchi qishloq xo‘jaligi va yetishtirishdan tortib, qayta ishlash, logistika va eksportgacha bo‘lgan butun ishlab chiqarish tsiklini boshqaradi. Uyushma asosan olma, kivi, anor, qulupnay kabi qimmatli mahsulotlar yetishtirishga e’tibor qaratadi.
Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi ushbu hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha pilot loyiha 2026-yilda boshlanishini ma’lum qildi. Dasturning birinchi bosqichida assotsiatsiya 100 nafar O‘zbekiston fuqarosini ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Agar bu tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi yillarda kvotalar ko‘paytirilib, o‘zbek ishchilarining zamonaviy agrobiznes sohasida xalqaro tajribaga ega bo‘lishlari uchun tizimli huquqiy yo‘l yaratilishi mumkin.