Iqtisodiyot
O‘zbekiston va Ispaniya zaytunchilikda hamkorlikni kuchaytiradi
Ispaniyaning Kordova shahrida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida Xalqaro zaytun kengashining 122-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda zaytunchilik, zamonaviy agrotexnologiyalar va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
“Dunyo” AA muxbiri xabar berishicha, sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniya qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vaziri Luis Planas Puchades bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suv resurslari taqchilligi sharoitida samaradorlikni oshirish, ilmiy-tadqiqot va amaliy tajriba almashishni kengaytirish yuzasidan amaliy takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning bog‘dorchilik, sabzavotchilik, ayniqsa, gilos yetishtirish bo‘yicha salohiyati batafsil taqdim etildi. Shu bilan birga, sho‘rlanish, suv tanqisligi va mintaqaning iqlim xususiyatlariga chidamli bo‘lgan o‘simlik navlariga ehtiyoj borligi qayd etildi.
Ispaniya tomoni, o‘z navbatida, nuqtaviy sug‘orish texnologiyalari, CRISPR asosidagi seleksiya, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim va ilmiy infratuzilma yo‘nalishlarida o‘z tajribasi bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi. Shu jarayonda Ispaniya biznesining O‘zbekistondagi zaytunchiliκ sohasiga sarmoya kiritishdan manfaatdorligi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida kooperatsiyalarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni modernizatsiya qilish va eksport infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida agrar sohadagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan anglashuv memorandumi imzolangani ma’lum qilindi.