Jamiyat
O‘zbekiston va Afg‘oniston dori-darmon savdosini 500 mln dollarga yetkazmoqchi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Qobul shahriga xizmat safari doirasida Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining sifati va raqobatbardoshligi yuqori ekani, shu asosda ikki tomonlama farmatsevtika savdosini 500 mln AQSh dollariga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Mazkur maqsadga erishish uchun qo‘shma operativ ishchi guruh tashkil etish zarurligi ta’kidlanib, jumladan, Afg‘onistonda GDP (Good Distribution Practice) standartlari asosida hamkorlikni rivojlantirish hamda yirik distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ilgari surildi.
Tomonlar texnik ishchi guruh tuzish, axborot almashuvini kuchaytirish hamda yaqin istiqbolda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarni imzolash muhimligini alohida ta’kidladilar.