Sport

O‘zbekiston U23 guruhda birinchi o‘rin bilan Osiyo Kubogi pley-off bosqichiga chiqdi

Published

on


Bosh murabbiy Ravshan Haydarov shogirdlari guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Janubiy Koreyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoalar o‘rtasida Osiyo Kubogi davom etmoqda.

O‘zbekiston U23 terma jamoasi 13 yanvar kuni C guruhining so‘nggi o‘yinida Janubiy Koreya yoshlari bilan kuch sinashdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollar Behruz Karimov va Saidumarxon Saidnurullayev hisobiga yozildi. Natijada o‘zbekistonliklar 7 ochko jamg‘arib, guruhda birinchi o‘rin bilan 1/4 finalga chiqdi.

Guruhning yana bir o‘yinida Livan kutilmaganda Eronni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu natija Janubiy Koreyaga qo‘l keldi, ular 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga chiqdi. Livan 3 ochko bilan uchinchi, Eron 2 ochko bilan to‘rtinchi bo‘ldi.

Bosh murabbiy Ravshan Haydarov shogirdlari 1/4 final o‘yinni 17 yanvar kuni o‘tkazadi. O‘zbekistonliklarga D guruhida ishtirok etayotgan Xitoy, Avstraliya, Iroq yoki Tailand raqib bo‘lishi mumkin – o‘yinlar davom etmoqda va to‘rttalasi ham pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab turibdi.

U23 Osiyo Kubogida 16 ta terma jamoa 4 ta guruhga ajratilgan holda ishtirok etmoqda. Ushbu musobaqaning boshqalaridan farqli jihati shundaki, unda Olimpiada yo‘llanmasi o‘ynalmaydi. Shu sababli, ko‘plab jamoalar asosiy tarkib bilan ishtirok etmayapti.

U23 Osiyo Kubogi 2013 yildan beri o‘tkaziladi. Unda Yaponiya yoshlari eng ko‘p – 2 marta g‘olib chiqqan, shu jumladan so‘nggi turnirda ham. Shuningdek, Iroq, O‘zbekiston, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni hisobida bittadan g‘alaba bor.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version