Iqtisodiyot
O‘zbekiston tovarlari Xitoyning yirik onlayn bozori orqali sotiladi
Xitoyning eng yirik elektron tijorat platformalaridan biri – JD.com’da O‘zbekiston milliy paviloni rasman ishga tushirildi. Loyiha yuqori qo‘shilgan qiymatga ega o‘zbek tovarlarini Xitoy bozoriga tizimli ravishda olib chiqish, milliy brendlar ishtirokini onlayn maydonlarda kengaytirish va tadbirkorlarni transchegaraviy raqamli savdoga integratsiyalashtirishga qaratilgan.
Xitoyning yirik elektron tijorat platformalaridan biri JD.com’da O‘zbekiston milliy paviloni rasman ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur loyiha yuqori qo‘shilgan qiymatga ega o‘zbek tovarlarini Xitoy bozoriga tizimli ravishda ilgari surish, milliy brendlarning onlayn kanallardagi ishtirokini kengaytirish hamda tadbirkorlarning transchegaraviy raqamli savdoga integratsiyalashuvini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Pavilonning yaratilishi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilariga Xitoy bozoriga chiqish uchun yagona darcha vazifasini o‘taydi. Unda to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak, charm-attorlik buyumlari va poyabzal, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar — quritilgan mevalar, yong‘oqlar, asal, tabiiy ichimliklar, ziravorlar, shuningdek, Xitoy bozori talablariga muvofiq sertifikatlangan tabiiy xomashyodan tayyorlangan kosmetika, uy-ro‘zg‘or buyumlari va hunarmandchilik mahsulotlarining keng turlari namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Xitoylik hamkorlarning ta’kidlashicha, milliy pavilonning ishga tushirilishi o‘zbekistonlik kompaniyalarga yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar eksportini ko‘paytirish va Xitoyda milliy brendlar mavqeini mustahkamlashda mamlakatning eng yirik onlayn bozorlaridan biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkonini beradi.
Ta’kidlash lozimki, JD.com platformasi Xitoyning eng yirik elektron tijorat ekotizimlaridan biri bo‘lib, o‘zining JD Logistics logistika tarmog‘iga, shuningdek, rivojlangan sifat nazorati va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish tizimiga ega.