Siyosat
O‘zbekiston tomoni Naxichevan aeroportiga qilingan hujumdan jiddiy xavotir bildirdi
Bugun, 5-mart kuni Ozarbayjonning Naxichevan Muxtor Respublikasi hududiga dronlar bilan hujum amalga oshirilgani xabar qilingan edi.
O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidovning Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida ozarbayjonlik diplomat Naxichevan Muxtor Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bilan bog‘liq holat yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Mazkur hujum natijasida tinch aholi jabr ko‘rgani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani qayd etildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni mazkur uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi. Xalqaro huquq prinsiplariga zid bo‘lgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligi ta’kidlandi.