Sport
O‘zbekiston terma jamoasi Kanadaga mag‘lub bo‘ldi (foto)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Edmonton shahridagi «Commonwealth» stadionida bo‘lib o‘tgan bahs mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 24-daqiqasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida majburiy o‘zgarish yuz berdi. Jarohat olgan Aziz G‘aniyev maydonni tark etdi va uning o‘rniga Abbosbek Fayzullayev tushirildi.
Birinchi bo‘limda tomonlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘la olmadi va jamoalar tanaffusga golsiz chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda Kanada terma jamoasi ustunlikni qo‘lga oldi. 58-daqiqada Jonatan Osorio hisobni ochib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi.
69-daqiqada O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Abdulla Abdullayev, Otabek Shukurov va Oston O‘runov o‘rniga Jahongir O‘rozov, Akmal Mozgovoy hamda Azizbek Omonov maydonga tushdi. 85-daqiqada esa Farrux Sayfiyev va Odil Hamrobekov o‘rniga Igor Sergeyev hamda Sherzod Esonov o‘yinga qo‘shildi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kanada ikkinchi golni urishga muvaffaq bo‘ldi. 90+1-daqiqada Jeydon Nelson hisobni oshirib, raqiblar ustunligini mustahkamladi.
Shu tariqa, Kanada va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.