Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.