Siyosat
O‘zbekiston OTBning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shiladi
Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida O‘zbekiston bankning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishini ma’lum qildi hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.
Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda ham axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishildi. Innovatsiya va bilimlarga asoslangan Sun’iy intellekt habini tashkil qilish boshlandi. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ishlanmoqda.
«Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamchi ehtiyoji uchun eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda ham ochiq sun’iy intellekt modellaridan foydalanish talab etilmoqda. Buning uchun Prezident Osiyo taraqqiyot banki shafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi.