Siyosat

​O‘zbekiston mintaqaning bosh investitsion maydoniga aylandi

Published

on


​O‘zbekiston mintaqaning bosh investitsion maydoniga aylandi. 

​Toshkent xalqaro investitsiya forumi davlat va hukumat rahbarlarini, xalqaro moliya institutlari yetakchilarini bir davraga jamladi. Bu yilgi anjuman o‘zining miqyosi bilan rekordlarni yangilab, jami 10 600 nafardan ziyod ishtirokchini birlashtirdi. Ularning 4 000 nafardan ortig‘i dunyoning 102 ta davlatidan tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar va investorlardir. Forumning siyosiy vazni va global miqyosini mana shu nufuzli ishtirokchilar tarkibi ham yaqqol ko‘rsatib turibdi:

​Davlat rahbarlari: Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay;

​Hukumat rahbarlari: Rossiya Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda;

​Global moliya gigantlari: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Yangi taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB), Yevropa investitsiya banki hamda yetakchi xorijiy banklar, transformatsion kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari.

​Ushbu forumning eng muhim, prinsipial jihati shundaki, xalqaro mehmonlar va dunyo yetakchilari qandaydir sun’iy rag‘batlar evaziga kelishayotgani yo‘q. Aksincha, forumga tashrif buyurgan har bir investor, har bir nufuzli ishtirokchi barcha a’zolik badallarini, o‘zining transport va mehmonxona xarajatlarini to‘liq o‘z yonidan qoplagan holda, shaxsiy tashabbusi bilan Toshkentga keldi.

​Bu O‘zbekistondagi barqarorlikka, uning iqtisodiy istiqboli va investitsion jozibadorligiga dunyo biznes elitasining hamda yirik moliya institutlarining chinakam va xolis ishonchi hisoblanadi. Bu — O‘zbekiston iqtisodiy brendining xalqaro miqyosdagi navbatdagi g‘alabasidir.

​Yevropadan tortib Bolqongacha, Markaziy Osiyodan tortib Kavkaz va keng geosiyosiy makongacha bo‘lgan davlatlar hamda hukumat rahbarlarining bir stol atrofida jam bo‘lishi — mintaqadagi hamjihatlik va o‘zaro ishonch mutlaqo yangi, yuqori cho‘qqiga chiqqanidan dalolat beradi. O‘zbekiston bugun nafaqat kapital jalb qilmoqda, balki ulkan mintaqani birlashtiruvchi, uni barqaror taraqqiyot sari yetaklovchi bosh lokomotiv vazifasini o‘tamoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro miqyosda o‘zining yuqori mavqeini batamom mustahkamladi. O‘zbekiston shunday darajaga chiqdiki, mintaqadagi jarayonlarni belgilaydigan kuchga aylandi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version