Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 paytidagi qarorgohini tanladi
Futbolchilar va murabbiylar shtabi mundial davomida Atlanta shahrida istiqomat qiladi va mashg‘ulotlarni «Atlanta Yunayted» klubiga qarashli bazada olib boradi.
Atlanta (AQSh) shahri jahon chempionati davomida O‘zbekiston milliy jamosi qarorgohi bo‘ladi, deb xabar berdi O‘FA.
Futbolchilar va murabbiylar shtabi mundial davomida Atlanta shahrida istiqomat qiladi va mashg‘ulotlarni «Atlanta Yunayted» klubiga qarashli bazada olib boradi.
Guruhdagi raqiblar – Portugaliya Palm Bich Gardensga, Kolumbiya esa Kolambus shahriga joylashadi.
Turnir davomida FIFA tomonidan 61 ta lokatsiya tanlangan bo‘lib, ular musobaqa ishtirokchilarining istiqomat qilishi va mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan.
Qarorgohlar milliy jamoalar o‘yinlari o‘tkaziladigan shahar va stadionlar geografiyasidan kelib chiqib belgilanadi. Guruh bosqichi davomida ishtirokchilar boshqa shaharlarga maxsus charter reyslari orqali yetib borib, o‘yin yakunlangach o‘z qarorgohiga qaytadi.
JCh-2026 o‘yinlari AQSh, Kanada va Meksika stadionlarida 11 iyun – 16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida 17 iyun kuni Kolumbiya bilan Mexiko (Meksika) shahrida, 23 iyun kuni Portugaliya bilan Xyuston (AQSh) shahrida, 27 iyun kuni saralashdan o‘tgan jamoa (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan Atlanta shahrida o‘ynaydi.