Siyosat
O‘zbekiston merganlari yana oltin medalni qo‘lga kiritdi
Turkiya Respublikasida 10–21-may kunlari o‘tkazilgan VI Xalqaro «Eng ilg‘or merganlar jamoasi» musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bellashuv Turkiyaning Isparta shahridagi «Kommandos» tog‘-o‘quv mashqlari markazida tashkil etildi. Unda 13 davlatdan 24 ta jamoa ishtirok etdi. O‘zbekiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Kosovo, Ozarbayjon, Italiya va boshqa davlatlar harbiylari turli shartlar bo‘yicha kuch sinashdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar yuqori murakkablikdagi sakkizta yo‘nalishda bahs olib bordi. Jumladan, «Jangovar otish», «Yuqori aniqlikda otish», «Tunda noma’lum masofaga o‘q otish» va «Havodagi vertolyotdan otish» kabi shartlar asosiy sinovlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekistonlik merganlar hal qiluvchi bosqichda vazifalarni yuqori aniqlik va tezkorlik bilan bajarib, rekord natijalarni qayd etdi. Musobaqa natijalari jamoalarning yettita shart bo‘yicha to‘plagan ballari asosida saralandi. Eng kuchli o‘nta jamoa finalga yo‘llanma oldi.
Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston jamoasi murakkab vazifalarni belgilangan vaqtdan oldin bajardi. Bu esa harbiylarning professional tayyorgarligi va jangovar mahorati yuqori darajada ekanini namoyon qildi.
Qariyb o‘n kun davom etgan bellashuvlar yakunida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi xorijiy davlatlar armiyalari orasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medal bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanishicha, musobaqa xalqaro harbiy tajriba almashish va jangovar ko‘nikmalarni oshirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
O‘zbekiston jamoasi mazkur musobaqada beshinchi marotaba ishtirok etmoqda. Xususan, 2022–2023-yillarda jamoa ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024-, 2025- va 2026-yillarda ketma-ket chempionlikni qo‘lga kiritdi.