Mahalliy
O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yinida yig‘lagan bolakay kim?
Uning ismi Isfandiyor. Videosi butun dunyoda tarqab ketdi, barcha mashhur nashrlar u haqda haqida yozdi.
“Hozir Meksikada tong otgani yo‘q, – deydi Isfandiyorning otasi Bektosh Hotamov. – Mehmonxonaga telefon qilib, meni uyg‘otishdi, FIFA rasmiylari, BBC, CNN, xullas, men tanigan va tanimagan barcha uchrashmoqchi”.
Amerikadagi brendlar, sport va bolalar kompaniyalari ham bog‘langan.
Nashrlar, asosan, O‘zbekiston haqida, Isfandiyorning futbolga qiziqishi, yurtimizdagi futbol haqida so‘radi. Ota-bola qo‘ldan kelgancha javob berishdi. Eronlik mashhur karikaturachi Hamid Saxari tomonidan tayyorlangan multfilm ham mashhur bo‘ldi.
Aslida hammasi boshqacha bo‘lgan. Hotamovlar oilasi o‘tgan yili Abu-Dabidagi o‘yinga borib kelgach, jahon chempionatiga borishni ham niyat qildi. AQSh vizasi uchun ariza topshirgan.
Elchixonada suhbat o‘tkazgan xodim Bektosh Hotamovni so‘roqqa tutdi:
– Nima ish qilasiz?
– Advokatman, @profiuniversity @profischooluz asoschisiman, 100.00 nafardan ortiq talaba va o‘quvchiga ta’lim berib kelamiz, – dedi B.Hotamov.
Xodim: “to‘xtab turing, men bir maslahatlashib chiqay”, deb ichkariga kirib ketdi. Keyin chiqib, “sizga hozir viza berolmaymiz, lekin rad ham qilolmaymiz, qayta tekshiruv qilishimiz kerak, bizda bu 121-ma’muriy tekshiruv deyiladi” dedi va bir qog‘oz va pasportlarini tutqazdi…
Oradan salkam bir yilga yaqin vaqt o‘tdi. Bektosh Hotamov chempionatga ulgurish uchun qaytadan ariza berish kerak deb o‘yladi. Bu safar bolalarni qoldirib, faqat ayoli bilan hujjat topshirishga qaror qildi. 221G “otkaz” emasligini eshitgach, mail dan elchixonaga xat yozishdi. Qarangki, butun boshli oilaga ruxsat tegdi.
Ular uchta o‘yinni o‘tkazib qaytmoqchi edi, lekin Isfandiyorning videosi ommalashgach, Kolumbiya Savdo, sanoat va turizm vazirligi qoshidagi ProColombia agentligidan aloqaga chiqishdi. Bu agentlik Kolumbiyani dunyoga tanitish bo‘yicha bosh davlat marketing agentligi bo‘lib, o‘yinlar tugagach, oilani Kolumbiyaga taklif qildi, viza va boshqa barcha xarajatlarni qoplashlari, oilaviy bo‘lib kelishni so‘rashdi. Ularning aytishicha, video Kolumbiya bo‘ylab tarqalgan va kolumbiyaliklarning insoniyligi, mehribonligini butun dunyoga ko‘rsatgan.
Rejalar o‘zgarib ketdi. Mehmonxonalar, aviachiptalar hammasiga to‘lab, barcha xarajatlarni qoplashini aytishdi.
Xullas, Isfandiyor O‘zbekiston termasi jamoasi uchun yig‘lab, dovrug‘ qozondi.
Akbar Anvarov