Iqtisodiyot
O‘zbekiston JSTga qo‘shilish bo‘yicha Kanada va Panama bilan muzokaralarni yakunladi
Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Kanada va Panama bilan bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi.
Foto: LinkedIn / Azizbek Urunov
Urunovning LinkedIn’da yozishicha, bu kelishuvlar JSTga qo‘shilish bo‘yicha Ishchi guruhning 11-yig‘ilishi doirasida rasmiylashtirildi. U izohlarda ta’kidlaganidek, O‘zbekistonga to‘liq a’zolik uchun yana uch davlat bilan kelishuvlarni tugatish qolgan, ammo ularning ro‘yxati hozircha ochiqlanmagan.
Oktyabr oyi oxirida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni to‘liq yakunlagan edi. Shu paytdayoq Panama bilan kelishuvga erishilgani ham xabar qilingan.
Urunovga ko‘ra, YeI JSTning O‘zbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-a’zosiga aylandi. “Endilikda rasmiy: 31 mamlakat muzokaralarni yakunladi, faqat uchtasi qoldi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.