Iqtisodiyot
O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralarni deyarli yakunladi
Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Rossiya bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni deyarli yakunlagan. «Barcha muhim elementlar kelishib olindi va faqat bir nechta texnik bandlar yakuniy tekshiruv va tasdiqlashni talab qiladi», deya yozdi u.
Foto: LinkedIn / Azizbek Urunov
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralarni deyarli yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
«Moskvada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining hal qilinmagan masalalari bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Rossiya muzokaralar guruhi bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. Muzokaralar deyarli yakunlandi. Barcha muhim elementlar kelishib olindi va faqat bir nechta texnik bandlar yakuniy tekshiruv va tasdiqlashni talab qiladi.
Vazir Maksim Reshetnikov, direktor Yekaterina Mayorova, elchi Nikolay Platonov va butun Rossiya jamoasiga asosiy so‘rovlar bo‘yicha aniq pozitsiyasi, shuningdek, butun jarayon davomida konstruktiv yondashuvi va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman», deya yozdi u LinkedInʼdagi sahifasida.
Urunovning qo‘shimcha qilishicha, dekabr oyida Jyenevada bo‘lib o‘tadigan Jahon savdo tashkiloti Bosh kengashi yig‘ilishida Rossiya tomoni bilan yakuniy natijaga erishish rejalashtirilyapti.
«Bizda faqat Xitoy Taypeyi bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash qoldi. Bu hafta men o‘z jamoam bilan Vashingtonda bo‘lib, hamkorlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazaman va JST doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik va o‘zaro aloqalarni ilgari suraman», dedi Urunov.