Sport
O‘zbekiston jahon chempionatini tark etdi
O‘zbekiston tezkor gol bilan hisobni ochgandi, ammo ikkinchi bo‘limda Husanov penaltiga sababchi bo‘ldi va hisob tenglashdi. Qolgan daqiqalarda Kannavaro shogirdlari yana ikkita gol o‘tkazib, mundial bilan xayrlashdi.
Kongoliklar endi Angliya bilan o‘ynaydi
Kongo DR – O‘zbekiston 3:1
Gollar: Shomurodov, 10 (0:1). Vissa, 68 – penalti (1:1). Mayyele, 78 (2:1). Vissa, 90+1 (3:1)
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (Kayyembe, 83), Van-Bissaka, Mutussami (Mukau, 72), Sadiki, Sipenga (Bongonda, 72), Mbuku (Elia, 72), Bakambu (Mayyele, 51), Vissa
O‘zbekiston: Ne’matov, Husanov, O‘rozov (Iskandarov, 82), Ashurmatov, Mozgovoy (Sergeyev, 82), Shukurov (G‘aniyev, 59), Nasrullayev, Alijonov, Hamdamov (Hamrobekov, 59), Fayzullayev (O‘runov, 73), Shomurodov
Ogohlantirishlar: Sadiki, 21. Mbuku, 45. Mutussami, 62 – Husanov, 43. Nasrullayev, 48
Jahon chempionati guruh bosqichidagi yangi formatni ko‘pchilik tanqid qilgandi, lekin uning ijobiy jihatlari ham bor. Shulardan biri – so‘nggi turda turnir motivatsiyasiga ega bo‘lmagan jamoalar kam bo‘ladi. Qatorasiga ikki o‘yinda jami 8 gol o‘tkazib yuborgan O‘zbekiston ham pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlab qolgandi.
Bu imkoniyat juda kichik edi – Kongo DR bilan o‘yindan oldin Opta Fabio Kannavaro shogirdlarining 1/16 finalga chiqish imkoniyatini 0,1 foizga baholayotgandi. O‘zbekistonliklar uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikka kirish uchun raqibni yetti to‘p farqi bilan mag‘lub etishi va gollar nisbatini yaxshilashi talab etilardi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning bu o‘yindagi raqibi ishonchli himoyasi bilan maqtana oladigan jamoa edi – kongoliklar JCh-2026 saralash turnirida 12 uchrashuvda jami 7 gol o‘tkazgandi.
Kannavaro Portugaliyadan uchralgan 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin yana rotatsiyaga qo‘l urdi, ammo jamoaning asosiy yulduzlari – Husanov, Shomurodov, Fayzullayev – boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini saqlab qoldi. Afrikaliklar ustozi Sebastiyan Desabr ham jiddiy o‘zgarish amala oshirdi – kongoliklar uch markaziy himoyachidan iborat sxemadan voz kechib, 4-4-2 ga o‘tdi. Fransuz murabbiyining qarorini tushunish mumkin edi – Kongo DR pley-offga chiqishi uchun g‘alaba qozonishi talab etilardi.
Bu o‘yinda ikki jamoaga ham g‘alaba kerakligi betaraf muxlislar uchun hujumkor o‘yin va’da qilayotgandi. Amalda ham muxlislar ilk daqiqadayoq gol ko‘rishdi. O‘yinning 30-soniyasidayoq Shomurodov Mpasi-Nzau qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi, ammo gol ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘zbekiston bu bilan to‘xtamadi va 10-daqiqada yana gol urdi: Mozgovoy to‘pni jarima maydoniga yetkazdi, u yerda Fayzullayev to‘pni teginmay o‘tkazib yubordi va uning bu harakati himoyachilarni chalg‘itdi, Shomurodov esa o‘tkir burchak ostida turganiga qaramay, nozik uslubda zarba berdi va darvozani ishg‘ol etdi.
Ko‘p o‘tmay afrikaliklar javob qaytarishdi: Mbuku jarima maydoni yaqinida to‘pni qabul qilib, chap oyog‘ida to‘qqizlik tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Ammo vaziyatga VAR aralashdi va hujum boshlanayotganda fol ishlatilgani ma’lum bo‘lib, ushbu gol bekor qilindi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida suv ichish uchun qilingan tanaffusdan keyin kongoliklar o‘ziga keldi va ketma-ket hujumlar uyushtira boshladi, shunday hujumlardan birida Vissa jarima maydoni markazidan zarba berish imkoniyatiga ega bo‘ldi, faqat zarbaga biroz aniqlik yetishmadi.
Bo‘lim oxirida esa o‘zbekistonliklar ikkinchi golni urishga yaqin keldi. 38-daqiqada Hamdamov qanotdan uzatma berdi, to‘p rikoshet bo‘lib, darvozaga kirib ketishiga bir baxya qolgandi, ammo Mpasi qiyinchilik bilan to‘pni qaytarib qoldi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Fayzullayevning jarima zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Tanaffusdan keyin ko‘p o‘tmay Desabr forvardlardan birini almashtirdi va Bakambu o‘rnini Mayyele egalladi. Lekin ikkinchi bo‘limdagi ilk golli vaziyatni yana Shomurodov yuzaga keldi: ammo bu safar uning zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi.
Afrikaliklar oldinga tashlanishdi va golga yaqinlasha boshlashdi – avvaliga Ne’matov Mbukuning murakkab zarbasini qaytardi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Vissa jarima maydoni ichida Husanovni o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi. «Nyukasl» hujumchisi 11 metrdan ideal zarba berdi va hisobni tenglashtirdi.
Suv ichish uchun qilingan navbatdagi tanaffus vaqtida Desabr uchtalik almashtirish qildi – Mukau, Bongonda va Elia kabi yangi kuchlar maydonga chiqib keldi. Ulardan uchinchisi o‘yin taqdirini hal qilgan uzatma muallifiga aylandi, u himoyachilar ortiga tashlab bergan to‘pga birinchi bo‘lib yetib borgan Mayyele to‘pni darvozabon ustidan oshirib, to‘rga joyladi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Elia yana bir muhim uzatma amalga oshirdi, maydon tashqarisiga chiqib ketayotgan to‘pni quvib yetgan (bu vaziyatda barcha, jumladan, himoyachi Alijonov ham shunday o‘ylagan va to‘pni ham, raqibni ham ta’qib qilmaslikni ma’qul ko‘rgandi) futbolchi bu safar Vissaga assistentlik qildi.
3:1 – O‘zbekiston uchinchi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchrab, uyga qaytadigan bo‘ldi. Iroda ko‘rsatgan kongoliklar esa endi pley-offda Angliyaga qarshi kechadigan o‘yinga tayyorlanishni boshlashi mumkin.