Sport
O‘zbekiston Islom birdamligi o‘yinlarida umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi
O‘zbekistonlik sportchilar 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida 7-21 noyabr kunlari VI Islom birdamligi o‘yinlari o‘tkazildi.
O‘zbekistonlik sportchilar musobaqada 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza (96 ta medal) ko‘rsatkich bilan 57 mamlakat orasida Turkiyadan keyin 2-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonliklar qo‘lga kiritgan oltin medallar:
6 – Og‘ir atletika (Akbar Jo‘rayev (3), Sarvar Zafarjonov (2), Adhamjon Ergashev)
6 – Yengil/para atletika (Barnoxon Sayfullayeva, Nargizaxon Qo‘chqorova, Ibrohim Mahkamov, Amir Nagayev, Nodir Norboyev, Anvar Anvarov)
3 – Dzyudo (Zamaxshariy Bekmurodov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Muzaffarbek To‘raboyev)
3 – Boks (Abdulloh Madaminov, Xumorabonu Mamajonova, Madiyor Doniyorov)
3 – Taekvondo (Ozoda Sobirjonova, Diyorbek Tuxliboyev, Marat Mavlonov)
3 – Qilichbozlik (Meyirxon Timurov, O‘zbekiston (erkaklar), O‘zbekiston (ayollar)
2 – Suzish (Ilya Sibirsev, Eldorbek Usmonov)
2 – Kurash (Alisher G‘aniyev, Aktenge Keunimjayeva)
1 – Karate (Sevinch Rahimova)
Musobaqada Turkiya sportchilari katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi: 72 oltin, 44 kumush, 39 bronza (155 medal). Uchinchi o‘rinni Eron egalladi: 29 oltin, 19 kumush, 33 bronza (81 medal).
Qozog‘iston 56 medal (15-20-21) bilan yettinchi, Qirg‘iziston 19 medal (4-4-11) bilan o‘n to‘rtinchi, Tojikiston 6 medal (0-3-3) bilan yigirma sakkizinchi bo‘ldi. Turkmaniston birorta medalni qo‘lga kiritolmadi.
O‘zbekistonlik sportchilarning ushbu yutug‘i rekord emas: 2021 yilda Turkiyada o‘tkazilgan musobaqada 158 ta medal (51-42-65) qo‘lga kiritilgan edi.
Navbatdagi Islom birdamligi o‘yinlari 2029 yilda Malayziyaning Selangor viloyatida o‘tkaziladi.