Iqtisodiyot
O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik indeksida yuqoriladi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, «The Heritage Foundation» hamda «The Wall Street Journal» tomonidan tayyorlangan 2026-yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat 60,3 ball to‘plab, o‘tgan yilga nisbatan 2,3 ballga o‘sish qayd etdi.
Bu natija O‘zbekistonni «asosan erkin iqtisodiyot» toifasiga kiritdi. Shuningdek, mamlakat jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan (59,9 ball) va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi o‘rtachasidan (58,6 ball) yuqori natija ko‘rsatdi.
Reyting yetakchilari sifatida Singapur, Shveysariya, Irlandiya va Avstraliya qayd etildi. Ular 80 balldan yuqori natija bilan «erkin iqtisodiyotlar» qatoriga kiritilgan.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston 12 ta yo‘nalishdan 8 tasida ko‘rsatkichlarini yaxshilagan. Ikki yo‘nalishda o‘zgarish bo‘lmagan, yana ikkisida esa ozgina pasayish kuzatilgan.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki bo‘yicha ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori. Xususan, soliq yuki 95 ball, davlat xarajatlari 73,7 ball, davlat moliyasi barqarorligi esa 79,9 ballni tashkil etdi.
Bozorlar ochiqligi yo‘nalishida ham ijobiy dinamika saqlandi. Savdo erkinligi 80,6 ball, investitsiya erkinligi 70 ball, moliyaviy erkinlik 60 ballni tashkil qildi. Tartibga solish samaradorligida esa biznes yuritish erkinligi 62,5 ball, mehnat bozori erkinligi 48,4 ball darajasida qolmoqda.
Shuningdek, qonun ustuvorligi yo‘nalishida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Mulk huquqi himoyasi 43,1 ball, davlat boshqaruvi sifati 32 ball, sud tizimi samaradorligi esa atigi 13,7 ballni tashkil etdi.