Iqtisodiyot
O‘zbekiston hududlarida 1 kg palov tayyorlash qanchaga tushishi ma’lum qilindi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil may oyida O‘zbekiston bo‘yicha bir kilogramm palov narxining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatildi. Poytaxtda palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymati o‘rtacha 125 ming 126 so‘mni tashkil etgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 122 ming 884 so‘m, Samarqand viloyati 119 ming 998 so‘m va Toshkent viloyati 119 ming 694 so‘m ko‘rsatkich bilan qayd etildi. Eng past hisobiy qiymat esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, u 103 ming 557 so‘mni tashkil qildi.
Hisob-kitoblar kungaboqar yog‘i, piyoz, mol go‘shti, sabzi, lazer guruchi, no‘xat, zira va osh tuzining o‘rtacha narxlari asosida shakllantirilgan.
Ma’lumotlar palov tannarxida asosiy ta’sirni go‘sht va guruch narxlari ko‘rsatayotganini namoyon qilmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida mol go‘shti hamda guruch narxlari boshqa hududlarga nisbatan yuqoriroq shakllangan.
Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida ham bir kilogramm palovning hisobiy qiymati 116–118 ming so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Andijon, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida esa mazkur ko‘rsatkich nisbatan past qayd etildi.