Siyosat
O‘zbekiston gaz qazib olishni ko‘paytirish va naftani qayta ishlash qiymatini oshirishga harakat qilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining istiqboldagi vazifalari va rejalariga bag‘ishlangan taqdimotni ko‘rib chiqdi va korxonaga joriy yilda bir kunlik tabiiy gaz qazib olish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga yetkazish, kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib olishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Gaz zaxiralarini kengaytirish maqsadida yangi istiqbolli investitsiya zonalarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bundan tashqari, investorlarga ajratilgan ayrim sohalarda ishlarni jadallashtirish va samaradorlikni oshirish zarurligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, nafta ishlab chiqarish hozirda 70 foiz quvvatda ishlamoqda, biroq mahsulot potentsial qiymatidan 50 foiz past narxda eksport qilinmoqda. Naftani qayta ishlash natijasida polimer mahsuloti qo‘shimcha qiymatni olti barobar oshirish imkonini berayotganini hisobga olib, davlat rahbari mutasaddilarga mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan maksimal darajada foydalanish choralarini ko‘rishni topshirdi.
Yig‘ilishda neft-gaz sohasidagi o‘g‘irlik va korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur sohada korrupsiya xavfining oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibida alohida vitse-prezident lavozimi joriy etilib, ichki muvofiqlik va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tashkil etildi. Ushbu vazifa kompaniya ichidagi noqonuniy xatti-harakatlarni tezkor aniqlash va oldini olishning samarali tizimini yaratish maqsadida qo‘yildi.
Prezident neft-gaz sohasini o‘zgartirishni chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olishni ko‘paytirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash bo‘yicha mutasaddilarga ham tegishli topshiriqlar berdi.