Iqtisodiyot
O‘zbekiston eng ko‘p Xitoy va Rossiyadan mahsulot import qilmoqda
2025 yil yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonning umumiy importi 37,5 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,9 foizga oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, import hajmida eng katta ulush Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlardan ko‘rinishicha, joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston jami 177 ta davlatdan tovar va xizmatlar import qilgan. Import tarkibidagi yetakchi o‘ntalik quyidagicha shakllangan (raqamlar yaxlitlangan):
Xitoy – 11,5 mlrd dollar;
Rossiya – 7 mlrd dollar;
Qozog‘iston – 2,7 mlrd dollar;
Turkiya – 1,5 mlrd dollar;
Koreya Respublikasi – 1,4 mlrd dollar;
Germaniya – 953,9 mln dollar;
Hindiston – 941,7 mln dollar;
Turkmaniston – 753,2 mln dollar;
Belarus – 632,5 mln dollar;
AQSh – 614,4 mln dollar.
Qolgan boshqa davlatlar bilan import hajmi jami 9,6 mlrd dollarni tashkil etgan.
Eksport-import geografiyasidan ko‘rinishicha, O‘zbekiston tashqi savdo aloqalarida an’anaviy hamkorlar — Xitoy, Rossiya va qo‘shni Qozog‘iston yetakchi pozitsiyalarni saqlab qolmoqda. Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya va Hindiston kabi davlatlar bilan sanoat uskunalari, avtotransport, kimyo, farmatsevtika, tekstil xomashyosini yetkazib berish yo‘nalishlarida hamkorlik kuchayib bormoqda.
Import hajmining oshishi, bir tomondan, iqtisodiyotdagi investitsiya faolligi, yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun uskunalar, texnologiyalar va xomashyolarga bo‘lgan talab ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.