Iqtisodiyot
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga qiymati 36,5 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan qariyb 16,8 ming tonna gilos eksport qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 ming tonnaga kamaygan.
Shu bilan birga, o‘zbek gilosi tashqi bozorlarda talabgirligini saqlab qolgan bo‘lib, eksport geografiyasi 11 ta mamlakatni qamrab oldi.
Hisobot davrida O‘zbekistondan eng ko‘p gilos Rossiyaga eksport qilindi. Bu mamlakatga 11,7 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Ikkinchi o‘rinda Qirg‘iz Respublikasi bo‘lib, ushbu davlatga 2,6 ming tonna gilos eksport qilingan.
Shuningdek, Qozog‘istonga 2 ming tonna, Belarusga 135,3 tonna, BAAga 116,7 tonna, boshqa davlatlarga esa jami 140 tonna gilos yetkazib berilgan.
Statistika ma’lumotlari Rossiya bozori O‘zbekiston gilosi uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Eksport qilingan mahsulotning katta qismi aynan ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan.