Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab ko‘chalar sovitilmoqda, daraxtlar muntazam sug‘orilmoqda
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiqlar munosabati bilan respublika bo‘ylab yashil hududlarni asrash va aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. Daraxt va butalar tong, kechqurun hamda tungi soatlarda sug‘orilmoqda, maxsus texnikalar yordamida esa ko‘chalar sovitilmoqda.
Foto: Ekologiya vazirligi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, respublika hududiga o‘ta issiq havo massalarining kirib kelishi va havo haroratining 44–46 darajagacha ko‘tarilishi munosabati bilan hududiy bosh boshqarmalar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda kompleks tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Mamlakatning barcha hududlarida daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklar namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tungi vaqtlarda sug‘orilmoqda. Shuningdek, maxsus texnikalar yordamida shahar ko‘chalari va jamoat joylarini sovitish ishlari ham tashkil etilgan.
Buxoro viloyatida yashil hududlarni parvarishlash ishlari kuchaytirilib, favvoralar ishga tushirilgan. Markaziy ko‘chalar va yashil zonalar muntazam sug‘orilmoqda. Konimex tumanida esa havo haroratini pasaytirish hamda chang miqdorini kamaytirish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ekologiya xodimlari daraxt va butalarning qurib qolishining oldini olish maqsadida tungi sug‘orish ishlarini amalga oshirmoqda.
Xonobod va Andijon shaharlarida maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar sovitilmoqda. Bu tadbirlar havo sifatini yaxshilash va chang ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida tasdiqlangan grafik asosida ko‘chalar, daraxtlar va yashil maydonlar sug‘orilmoqda. Termiz shahrida esa kunning eng issiq vaqtlarida aholiga yuqori harorat ta’sirini yumshatish maqsadida ko‘chalarga suv sepilmoqda. Shu bilan birga, viloyatning bir qator hududlarida maysazor va gulzorlarni uzluksiz suv bilan ta’minlaydigan zamonaviy sug‘orish tizimlari joriy etilgan.
Navoiy viloyatida daraxtlar, gulzorlar va boshqa yashil maydonlarni muntazam sug‘orish ishlari davom ettirilmoqda. Namangan viloyatida esa anomal issiq oqibatlarini yumshatish maqsadida shahar ko‘chalariga qo‘shimcha suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fuqarolarni ham yashillikni asrashga hissa qo‘shishga chaqirib, jazirama kunlarda sug‘orilgan har bir daraxt mamlakat ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.