Iqtisodiyot
O‘zbekiston agrar tarmoqqa investitsiya jalb etishni ko‘zlamoqda
Rimda O‘zbekiston delegatsiyasi IFAD rahbariyati bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni jalb etish, qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish va agrosohada innovatsion loyihalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
“Dunyo” AA ma’lumotiga ko‘ra, Italiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va TIV vaziri maslahatchisi Munira Aminova Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) vitse-prezidenti Donald Braun bilan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdi.
Tomonlar agrar tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, qishloq hududlarida barqaror rivojlanishni ta’minlash, shu jumladan irrigatsiya, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi qiymat zanjirlarini qo‘llab-quvvatlashga doir innovatsion loyihalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston–IFAD sherikligini yanada mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.