Iqtisodiyot
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi
2025 yil 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi. Ma’lumot uchun, o‘tgan yilda rasmiy Kobul va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 47,5 foizga oshgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha prezident qarori imzolandi.
Kelishuv 2025 yil 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy o‘rtasida tuzilgandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi.
Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichidagi tartib-taomillar O‘zbekiston tomonidan bajarilgani to‘g‘risida Afg‘oniston tomoniga tegishli bildirishnoma yuborish topshirildi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 47,5 foizga oshib, 1 mlrd 678 mln dollarga yetdi.