Iqtisodiyot

«O‘zbekiston 2030 yildan ertaroq o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga kirishi mumkin»

Published

on


2025 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishi 7 foizdan yuqori bo‘lishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 140 mlrd dollardan oshishi kutilyapti. «2030 yildan avvalroq o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga kirishimiz mumkin. Buning asosiy omili islohotlar va mehnat unumdorligining oshishi bo‘ladi», dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

O‘zbekiston 2030 yildan avvalroq o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga kirishi mumkin. Bu haqda 18 noyabr kuni «Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish» mavzusidagi davra suhbati oshilish marosimida bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytib o‘tdi. 

2025 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishi 7 foizdan yuqori bo‘lishi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa 140 mlrd dollardan oshishi prognoz qilinyapti.

«2030 yilga borib YaIMni 200 milliard dollardan oshirish, jon boshiga daromadlarni 5 ming dollardan yuqori darajaga yetkazishni maqsad qilganmiz. Bu holatda O‘zbekiston avvalgi prognozlarga nisbatan ancha erta yuqori o‘rta daromadli davlatlar safiga kirishi mumkin — buning asosiy omili islohotlar va mehnat unumdorligining oshishi bo‘ladi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, inflatsiya nazorat ostida bo‘lib, sentabr oyida 8 foizgacha sekinlashgan. Yil oxiriga borib bu ko‘rsatkich 8 foiz atrofida, 2026 yilda esa 7 foiz darajasida bo‘lishi kutilyapti.

Shuningdek, fitch Ratings davlat reytingini «BB-»dan «BB»ga oshirgani, S&P va Moody’s prognozni «ijobiy»ga o‘zgartirgani ta’kidlab o‘tildi.

«Uzbekistan-2030 strategiyasiga asoslanib, o‘tgan yil 2030 yilgacha keng qamrovli Davlat-xususiy sheriklik yo‘l xaritasini ishlab chiqdik. Unda 2030 yilga qadar 30 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli belgilangan. Shuni ta’kidlash kerakki, mazkur loyihalar ta’lim va sog‘liqni saqlash, transport va yo‘l infratuzilmasi, elektr va gaz taqsimoti, suv resurslarini boshqarish kabi bir qator muhim ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan. Shu ma’noda, DXSh loyihalari bizning iqtisodiy siyosatimizning asosiy ustunlaridan biriga aylanganini aytish mumkin — ular innovatsiyani, samaradorlikni va davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi mas’uliyatning teng taqsimlanishini ta’minlaydi.

Ayniqsa, atigi 6 yil oldin bu jarayonni boshlagan bo‘lsak-da, jami qiymati 34 milliard dollarlik qariyb 2800 ta DXSh loyihasini imzoladik. Bu tashabbuslarda xorijiy investorlar, yetakchi xalqaro banklar va global moliyaviy institutlar faol ishtirok etyapti, bu esa O‘zbekiston islohotlari va kelajakdagi salohiyatiga bo‘lgan kuchli ishonchni ko‘rsatadi», dedi Jamshid Qo‘chqorov.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version