Sport
o‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 18 yoshli himoyachisi Behruz Karimov Jahon chempionatidagi o‘yini bilan nafaqat muxlislar, balki Yevropa futboli vakillarining ham e’tiborini tortmoqda.
BlueCo korporatsiyasi (Angliyaning «Chelsi» va Fransiyaning «Strasburg» klublari egasi) faoliyatini yorituvchi BlueCo Xtra sahifasi o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Behruz Karimovni klublar rahbariyatiga tavsiya qildi.
«BlueCo Behruz Karimovni «Strasburg» yoki «Chelsi» uchun transfer qilishi kerak. U O‘zbekistonning katta iste’dodlaridan biri. Himoyada juda faol harakat qiladi va yuqori saviyadagi raqiblarni qanotda to‘xtata oladi», – deyiladi sahifada.
Behruz Karimov Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvlarda asosiy tarkibda maydonga tushib, dunyo futboli yulduzlari Luis Dias va Nuno Mendeshga qarshi munosib harakat qildi.
Ayniqsa, Kolumbiya bilan bahsda uning uzoq masofadan yo‘llagan kuchli zarbasi ustunga tegib qaytgani ko‘pchilikning yodida qoldi.
Statistika ham yosh himoyachining o‘yinini tasdiqlaydi:
to‘pni raqibdan 15 marta olib qo‘ygan;
34 marta yakkakurashlarda ishtirok etgan;
6 ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirib, O‘zbekiston terma jamoasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Behruz Karimov Toshkentdagi Respublika olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U turli yoshdagi O‘zbekiston terma jamoalarida o‘ynagan va 2025 yildan buyon «Surxon» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida qiyin o‘yinlar o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, Behruz Karimov kabi yosh futbolchilarning Yevropa klublari diqqatini tortgani o‘zbek futboli kelajagi uchun ijobiy signal sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda BlueCo Xtra’ning bu bayonoti rasmiy transfer taklifi emas, balki klublarga qaratilgan tavsiya hisoblanadi. Ammo buning o‘zi ham Behruz Karimovning xalqaro maydondagi o‘yini e’tiborsiz qolmayotganini ko‘rsatadi.