Siyosat

Ozarbayjon prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.

Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034 yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes obyektlari, ta’lim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.

Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi. Yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bog‘laydi.

Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.

Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik obyektlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdilar.

Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.

Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.

Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.

Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Yetakchilar ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version