Sport

o‘yinlarga pul tikkan mingdan ortiq futbolchi aniqlandi

Published

on


Turkiyada «stavka ishi» doirasida 1000 dan ortiq futbolchi chetlatildi, ular orasida Istanbul grandlari futbolchilari, jumladan, Turkiya milliy jamoasi a’zosi ham bor. Quyi ligalarda o‘yinlar to‘xtatildi – jamoalar tarkib yig‘a olmayapti. Bungacha 150 nafar futbol hakamida betting-akkauntlar borligi aniqlangan, ularning bir qismi muntazam ravishda o‘yinlar natijalari uchun pul tikib kelgani ma’lum bo‘lgandi.

Foto: Gettyimages.ru/Ahmad Mora

Turkiyada «stavka ishi» avj olmoqda – mahalliy futbol federatsiyasi (TFF) 1000 dan ortiq futbolchini totalizator o‘ynagani uchun chetlashtirgan. Bunday futbolchilar barcha divizionlarda topiladi, ammo eng ko‘p Ikkinchi va Uchinchi ligalar jabrlangan – bu ligalarda tom ma’noda maydonga tushirish uchun futbolchi qolmagan.

Rejadan tashqari transfer oynasi

TFF bayonotida aytilishicha, 1024 nafar futbolchi «stavka ishi» tufayli intizomiy javobgarlikka tortilgan. Betting bilan shug‘ullangan futbolchilar eng ko‘p Uchinchi ligada aniqlangan – jami 629 kishi, Ikkinchi ligada esa 282 nafar qoidabuzar qo‘lga tushgan.

Birinchi ligada esa 77 nafar futbolchi o‘yinlar natijalariga pul tikib kelishi ma’lum bo‘lgan, Turkiya futbolidagi eng yuqori divizion hisoblangan Superligada esa bunday futbolchilar soni 27 nafar – ular orasida «Galatasaroy», «Beshiktosh» va «Trabzonspor» kabi nomdor klublardan ikki nafardan futbolchi bor.

Evren Elmali: o‘tgan mavsum avvalida «Trabzonspor»dan «Galatasaroy»ga o‘tgan va mamlakat chempioni bo‘lgan. U o‘tgan mavsum davomida o‘yinini kuchaytirib borgan va hozirda jamoa uchun muhim futbolchilardan biriga aylangan. Vinger pozitsiyasida ham o‘ynay oladigan bu himoyachi joriy mavsumdagi barcha 11 turda ishtirok etdi hamda 3 ta golga mualliflik qildi. Bundan tashqari, u Turkiya milliy jamoasiga nomzod futbolchi sanaladi, u 2022 yildan buyon asosiy jamoa safida 16 o‘yinda maydonga tushgan.

U totalizator o‘ynashini tan olgan, ammo o‘zi ishtirok etgan o‘yinlar uchun pul tikmaganini alohida ta’kidlagan. Endi u uch oydan bir yilgacha diskvalifikatsiya qilindi. Shuningdek, JCh-2026 saralashida muhim o‘yinlar arafasida turgan Turkiya milliy jamoasi safidan chetlatilgan.

Metexon Boltachi: «Galatasaroy» akademiyasining yosh tarbiyalanuvchisi, juda kam maydonga tushadi. U ham o‘yinlar natijalariga stavka qo‘yishini tan olgan.

Ersin Destano‘g‘li: u besh yil oldin «Beshiktosh»ning asosiy darvozaboni edi, keyin esa raqobatni Mert Gyunokka boy berdi, ammo so‘nggi vaqtlarda asosiy darvozabon va yangi murabbiylar shtabi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqach, yana darvozaga qaytgandi.

Ersin iqror bo‘lmagan. Sudga kelgan va uning pasport ma’lumotlari jinoyatchilar qo‘liga tushib qolganini aytgan. Go‘yoki ular uning nomidan akkaunt ochib, stavka qilishgan. Bu versiyani futbolchining himoyasi ilgari surmoqda.

Najib Uysal: «Beshiktosh»ning uzoq yillik sardori, tirik afsona. U so‘nggi yillarda jarohatlar tufayli ko‘p o‘ynamayapti. Shu bilan birga, Uysal doimo hurmatga sazovor va halol futbolchilar timsoli bo‘lib kelgan, uning faoliyatida hech qanday noxush sahifa bo‘lmagan. U ham aybini tan olmayapti.

Uning versiyasi: hech qachon o‘ynamagan, uning ham pasport ma’lumotlari o‘g‘irlangan. Muhim qo‘shimcha: uning ma’lumotlari asosida tuzilgan akkaunt futbolchiga aloqador bo‘lmagan telefon raqamiga bog‘langan».

«Trabzonspor»dagi Boran Buzruk va Solih Malkocho‘g‘li asosiy tarkib futbolchilari emas.

Ayni vaqtda mingdan oshiq bu futbolchilarga rasman faqat ayblov e’lon qilingan. Ya’ni, nazariy jihatdan ular maydonga tushishda davom etishi mumkin, ammo ayrim klublar allaqachon bu futbolchilar tarkibdan chetlatilganini ma’lum qildi. Masalan, «Beshiktosh» ro‘yxatda nomi chiqqan futbolchilari o‘ynamasligini tasdiqladi. Turkiyada futbolchilar faqat Professional futbol bo‘yicha intizom kengashi tomonidan chetlatilishi mumkin. Federatsiya ishni aynan ushbu idoraga o‘tkazgan.

1000 dan ortiq futbolchining chetlatilishi quyi ligalarga og‘riqli ta’sir ko‘rsatdi – ba’zi klublarda maydonga tushadigan odam qolmagan, chunki ba’zi jamoalarda birdaniga 17–18 kishi gumondorga aylangan.

Shu munosabat bilan TFF Ikkinchi va Uchinchi liga taqvimida ikki haftalik tanaffus e’lon qilgan, shuningdek, FIFAdan qo‘shimcha transfer oynasi ochib berishni so‘ragan. Rahbariyat klublar vaziyatni o‘nglash imkoniga ega bo‘lishi uchun 14 kun davomida ichki transferlarga ruxsat berilishini so‘ramoqda.

TFF prezidenti Ibrohim Hojiusmono‘g‘li yuzaga kelgan vaziyatni «turk futbolining ma’naviy inqirozi» deb atagan.

149 nafar hakam chetlatilgan

Futbolchilar chetlatilishi federatsiya rahbariyati oktyabr oyi oxirida boshlagan «stavka ishi»ning davomi bo‘ldi. O‘shanda TFF tekshiruvi doirasida 571 nafar professional arbitrlardan 371 nafari betting-kontoralarda akkauntlarga egaligi, shundan 152 nafari faol o‘yinchilar ekani ma’lum bo‘lgandi. Referilardan biri 18 ming martadan ortiq stavka qo‘ygan.

Yakunda 149 kishi 8 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga chetlatildi. Shu bilan birga, nomlar oshkor etilmagan, kimga qanday jazo berilgani ochiqlanmagan.

Hojiusmono‘g‘li o‘shandayoq bunday tekshiruv futbolchilarga nisbatan ham olib borilishini ma’lum qilgandi – prezidentning so‘zlariga ko‘ra, betting-kontoralarda qariyb 4 ming futbolchida akkaunt borligi aniqlangan. «Raqamlarni ko‘rganimda qayg‘uga tushdim. Biz o‘n besh nafar hakam bo‘lishini kutgandik, amalda esa – 350 dan ortiq kishi chiqdi. Endi esa 3700 futbolchi tekshirilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tganlik uchun jazo yo‘q – odamlar shunchaki o‘yinlarni kuzatib borishi mumkin. Ammo faollik bilan stavka qo‘yish – bu endi jinoyat. Biz ishlashda davom etamiz», – deya aniqlik kiritgandi TFF prezidenti.

Aftidan, o‘sha tekshiruvlar yakunlanib, qoidabuzarlar aniqlangan. Endi intizomiy kengash qarorini kutish kerak bo‘ladi – bu har qanaqasiga Turkiya uchun tarixiy qaror bo‘ladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version