Sport
Ovechkin MHLdagi 1000-golini urdi
Rossiyalik hokkeychi liga tarixida Ueyn Gretskidan keyin bu marrani zabt etgan ikkinchi o‘yinchi bo‘ldi.
«Vashington Kepitalz»ning rossiyalik hujumchisi Aleksandr Ovechkin MHL muntazam chempionatining «Kolorado Evelansh»ga qarshi uchrashuvida gol urdi va pley-offlarni ham hisobga olgan holda liga tarixida 1000 ta gollik ko‘rsatkichga erishdi.
40 yoshli Ovechkin hisobida muntazam chempionatlarda 923 ta va pley-offda 77 ta gol bo‘ldi. U jami 1723 ta o‘yin o‘tkazgan (muntazam chempionatda 1562 ta va pley-offda 161 ta).
Bu borada MHL rekordchisi kanadalik Ueyn Gretski hisoblanadi — u 1694 ta (1487+207) o‘yinda 1016 ta (894+122) gol urgan.
Aleksandr Ovechkin muntazam chempionatlarda urilgan gollar soni bo‘yicha MHL rekordchisi bo‘lib, o‘tgan mavsumda Gretskining rekordini yangilagan edi.
«Kolorado»ga qarshi o‘yindan so‘ng «Vashington»da muntazam chempionatda yana 11 ta o‘yin qoladi. Hozir jamoa Sharqiy konferensiyada 12-o‘rinda bormoqda va pley-off hududidan tashqarida joylashgan.