Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.